“Ona tilim – faxrim!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi
Ayni kunlarda butun respublikamiz bo‘ylab o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan bir qator bayram tadbirlari tashkil etilmoqda. Jumladan, joriy yilning 21-oktabr kuni Osiyo texnologiyalar universitetida ham iqtidorli va faol talabalar ishtirokida 21-oktabr — "O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun"ga bagʻishlab "Ona tilim – faxrim!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.


Ushbu tadbirda Yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi prorektor E.Ibragimov, Akademik va ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor N.Xolmirzayev, Filologiya fanlari doktori, professor X.Jabborov hamda professor-o'qituvchilar, ishchi-xodimlar va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda E.Ibragimov tomonidan universitet rektori L.Raxmonovning bayram tabrigi o‘qib eshittirildi. Unda mamlakatimiz mustaqillikka erishishi arafasida o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy istiqlolga erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri bo‘lganligi, O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish uchun asos bo‘lish bilan birga, uni ilmiy jihatdan rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratgani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, tadbir davomida iqtidorli va faol talaba-yoshlar tomonidan o‘zbek tilining boy imkoniyatlari va jozibasini aks ettiruvchi g‘azallar, she’rlar, badiiy chiqishlar hamda raqslar namoyish etildi. Talabalar ona tilimiz ravnaqi uchun katta hissa qo‘shgan ajdodlarimiz siymolarini mahorat bilan ijro etib, yig'ilganlar qalbida chuqur taassurot qoldirishdi.




Tadbir yakunida talaba-yoshlarining iste’dod va ijodiy salohiyatlarini namoyish etish maqsadida bayram munosabati bilan o'tkazilgan tanlovning g'olib va sovrindorlari esdalik sovg'alari va diplom bilan taqdirlandi.
