Osiyo texnologiyalar universitetida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi
Bugun, 15-noyabr kuni Osiyo texnologiyalar universitetida mahalliy va xorijiy olimlar, pedagoglar hamda ilmiy-tadqiqot sohasidagi yetakchi mutaxassislari ishtirokida “Globallashuv davrida filologiya fanlarini o‘qitishning dolzarb muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Konferensiyani Osiyo texnologiyalar universiteti rektori L.Raxmonov kirish so'zi bilan ochib berdi. Shundan so'ng Toshkent shahridagi Xalqaro Nordik universiteti rektori, professor Sh. Mustafaqulov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, falsafa fanlari doktori B. Aliyev, Samarqand davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori A. Pardayev hamda bir qator mahalliy va xorijiy professor-o'qituvchilar, tadqiqotchilar o'z ma'ruzalari bilan ishtirok etdilar.

Shuningdek, xalqaro konferensiyada Turkiya, Hindiston, Rossiya kabi davlatlardan professor-o'qituvchilar va ekspertlar onlayn va oflayn tarzda ishtirok etib, o‘z mamlakatlaridagi tajribalar bilan o‘rtoqlashdi. Chet tillarni o‘qitishda sun’iy intellektni joriy etish, milliy adabiyotlarni global kontekstda o‘rganish va lingvokulturologiya sohasidagi yangi yondashuvlar haqidagi taqdimotlar alohida qiziqish uyg‘otdi. Bundan tashqari globallashuv sharoitida til va adabiyot o‘qitish jarayonidagi muammolar va imkoniyatlar muhokama qilindi. Ishtirokchilar zamonaviy ta’limda filologiya fanlarining roli, ularni o‘qitishda innovatsion yondashuvlar va xorijiy tillarni o‘rgatishda ilg‘or texnologiyalardan foydalanish masalalariga e’tibor qaratishdi.

Yakunda filologiya fanlarini rivojlantirish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha bir qator kelishuvlar imzolandi. Ishtirokchilar bu kabi tadbirlar ilmiy hamkorlik va tajriba almashish uchun muhim ekanligini ta’kidlab o'tdilar.





